Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir umumiy ma’lumot
Qonunchilik va siyosiy tizimlar tirik organizm singari doimiy tarzda rivojlanib boradi. Jumladan, mamlakatimiz saylov tizimi va qonunchiligi ham muntazam takomillashib bormoqda. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlar aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Xo‘sh, jahonda o‘zi qanday saylov tizimlari mavjud? Va aralash saylov tizimi deganda nima tushuniladi?
1. Majoritar saylov tizimida saylovchilar aniq bir shaxsga ovoz beradi. Saylov byulletenida deputatlik o‘rni uchun kurashayotgan nomzodlar ko‘rsatiladi. 2024 yilga qadar mamlakatimizda majoritar saylov tizimi amal qilgan.
2. Proporsional saylov tizimida saylovchilar siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Siyosiy partiyalar saylovda qo‘lga kiritgan ovozlari foiziga mutanosib ravishda deputatlik o‘rinlarini egallaydi.
3. Aralash saylov tizimi majoritar va proporsional saylov tizimlarining uyg‘unlashuvidan hosil bo‘lgan. Bu uyg‘unlik parlamentning bir qismi – majoritar, boshqa bir qismi esa proporsional tizim asosida shakllanishida namoyon bo‘ladi.
Avvalgi saylov tizimiga ko‘ra Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatlari majoritar saylov tizimi asosida hududlardagi saylov okruglaridan saylangan. Ya’ni, saylovchilar byulletenda ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga ovoz bergan.
Bu yilgi saylovlarda Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati, avvalgidek, majoritar saylov tizimi asosida, qolgan 75 nafar deputat yangi proporsional saylov tizimi asosida saylanadi. Unga ko‘ra saylovchilar byulletenda ko‘rsatilgan partiyalarga ovoz berishadi.
Kimlar saylash va saylanish huquqiga ega?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiy bo‘lib, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga ega.
Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, ijtimoiy mavqeyi, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga ega.
Saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Saylov kuni saylovchi qanday tartibda ovoz beradi?
Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylovdan kamida o‘n kun oldin xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi.
Saylovchi saylov kuni ovoz berish binosiga kelgach, uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi. Fuqaro byulletenni yashirin ovoz berish kabinasida to‘ldiradi va uni saylov qutisga tashlaydi.
Biron-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.
Saylovchining turgan joyida ovoz berishni tashkil etish qanday bo‘ladi?
Ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.
Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishi mumkin.
Saylov kuni xizmat safari bilan yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan saylovchi qanday tartibda ovoz beradi?
Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.
Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.
Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.
Saylov byulleteni qanday shaklda bo‘ladi?
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi.
Caylovchilarga ovoz berish kunida 4 ta saylov byulleteni beriladi:
Birinchi byulleten, och ko‘k rangli bo‘lib, unda Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar;
Ikkinchi byulleten, och yashil rangli bo‘lib, byulletenda Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etiyotgan siyosiy partiyalar nomi;
Uchinchi byulleten, och sariq rangli bo‘lib, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar;
To‘rtinchi byulleten, och kulrangli bo‘lib, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Saylov byulletenida deputatlikka nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.
Siyosiy partiyalar kiritilgan byulletenda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi bilan birga ramziy belgisi ko‘rsatiladi va partiyalar saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.
Saylov byulletenlari tegishli hududdagi saylovchilar sonini inobatga olgan holda chop etiladi va saylov uchastkalariga yetkaziladi.